Variativ o‘quv rejani joriy qilish bilan bog‘liq savollarga javoblar

O`qituvchilarga

1-savol: Variativ o‘quv rejada tanlov sinfini tashkil etish uchun 5 ta yo‘nalish tavsiya etilgan. Maktab ushbu 5 ta yo‘nalishning barchasini tashkil etishi kerakmi?

Javob: Umumta’lim maktabida barcha yo‘nalishlarda tanlov sinflari ochilishi talab etilmaydi. Maktabda bitta yo‘nalishda tanlov sinfi ochilishiga ham yo‘l qo‘yiladi.

Yo‘nalishlarni ochishda bu maktabning imkoniyati, o‘quvchilarning xohishi va yuqori malakali, tajribali o‘qituvchilarning mavjudligi inobatga olinadi.

2-savol: Tanlov sinfi va oldingi an’anaviy sinfning farqi nimada?

Javob: 2019-2020 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja asosida o‘qitiladigan sinflar – bu an’anaviy sinflar, variativ o‘quv reja asosida o‘qitiladigan sinflar – tanlov sinflari hisoblanadi.

An’anaviy sinf 15 ta majburiy fanni o‘qiydi, tanlov sinfi 8 ta majburiy fanni o‘qiydi.

3-savol: Maktabda o‘quvchilar tomonidan tanlanmagan, tanlov faniga kirmagan fan o‘qituvchilari norozi bo‘lsa, bunday holatda ham variativ o‘quv rejani joriy qilish mumkinmi?

Javob: Avvalo, maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilish -ixtiyoriy. Quyidagi hollarda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv reja joriy qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari tanlov fanidan dars berish uchun yetarli malaka va tajribaga ega o‘qituvchi bilan ta’minlanmagan bo‘lsa;
  • o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmasa.

Variativ o‘quv rejani maktabda joriy qilish yoki qilmaslik masalasi maktabning pedagogika kengashida muhokama qilinadi va tegishli qaror qabul qilinadi. Bunda pedagogik kengashda ishtirok etgan pedagoglarning ovozi bilan tegishli qaror qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda pedagogik kengash raisi hal qiluvchi ovozga ega bo‘ladi.

4-savol: Maktabda variativ o‘quv reja qaysi yo‘nalishda joriy etilishini kim belgilaydi?

Javob: Maktabda variativ o‘quv rejaning yo‘nalishi avvalo o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma asosida aniqlanadi. So‘rovnoma natijasida, o‘quvchilar tanlovi asosida ma’lum bo‘lgan yo‘nalish pedagogika kengashida muhokama qilinadi va bu holat qo‘llab-quvvatlansa, variativ o‘quv rejasi yo‘nalishi pedagogika kengashi qarori bilan belgilanadi va maktab direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Pedagogika kengashi qaror qabul qilishda o‘quvchilar tanlagan yo‘nalishdagi fan bo‘yicha maktabda yuqori malakali va tajribali o‘qituvchilar bor yoki yo‘qligi ham inobatga olinadi.

5-savol: Agarda o‘quvchi tanlagan yo‘nalishdagi fan bo‘yicha maktabda yuqori malakali va tajribali o‘qituvchi bo‘lmasa, shu yo‘nalish bo‘yicha variativ o‘quv rejani joriy qilish mumkin bo‘lmaydimi?

Javob: Agar maktabda o‘quvchi tanlagan yo‘nalishdagi fan bo‘yicha yuqori malakali va tajribali o‘qituvchi bo‘lmasa, bunda ushbu yo‘nalishda variativ o‘quv rejani joriy qilish yoki tanlov sinfini tashkil etish masalasi vaqtincha to‘xtatiladi. Toki, maktab direktori tomonidan ushbu yo‘nalishdagi fan bo‘yicha yuqori malakali va tajribali o‘qituvchi jalb qilinguniga qadar to‘xtatib turiladi.

6-savol: Maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilish yo‘nalishi va fanlari aniq bo‘lsa, ushbu fanlarga necha soatdan berilishini kim hal qiladi, maktab direktorimi?

Javob: Maktabda variativ o‘quv rejani joriy qilish yo‘nalishi va fanlari aniq bo‘lsa, ushbu fanlar bo‘yicha yuqori malakali va tajribali o‘qituvchilar bo‘lsa, pedagogika kengashida tegishli fan metod birlashmalari rahbarlari ishtirokida tanlov fanlariga ajratiladigan soatlar miqdori belgilanadi va maktab direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

7-savol: Tanlov sinfida tegishli fan bo‘yicha kim dars berishini, ushbu sinfga kim rahbar bo‘lishini maktab direktori belgilaydimi? Chunki tanlov fani sifatida aniqlangan fan bo‘yicha o‘qituvchilar maktabda bir-nechta bo‘lishi mumkin-ku.

Javob: Bu masala maktabning pedagogika kengashida muhokama qilinadi va kengash qarori bilan tanlov fanidan dars beradigan fan o‘qituvchisi, tanlov sinfi rahbari belgilanadi va maktab direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

8-savol: Maktabda tanlov sinfida o‘quvchilar soni nechta bo‘lishi kerak?

Javob: Tanlov sinfidagi o‘quvchilar soni Vazirlar Mahkamasining

2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida Nizomga muvofiq 35 nafargacha bo‘lishi lozim.

9-savol: Maktabda bitta 10-sinf yoki 11-sinf bo‘lsa, bunday sinflarga ham variativ o‘quv reja joriy qilinadimi?

Javob: Maktabda bitta 10-sinf yoki 11-sinf bo‘lsa va sinfdagi o‘quvchilar 100% bitta yo‘nalishni tanlasa, bunday sinflarda ham variativ o‘quv rejani joriy qilish mumkin. Agarda 100% o‘quvchi tanlamasa, bu sinfga variativ o‘quv rejani joriy qilib bo‘lmaydi.

Sababi, bitta sinfdagi 80% bola bitta yo‘nalishni tanlasa, qolgan 20% foiz o‘quvchi o‘zi qiziqqan fanlarini o‘qish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin. Qolgan 20% o‘quvchi odatdagi, an’anaviy sinfda o‘qishni davom ettiradigan sinf yo‘q bo‘lib qoladi.

Agar 10-sinflar soni 2 ta bo‘lganda, bunday holda bitta sinfni an’anaviy sinf sifatida tashkil etib, yo‘nalishi kam foizni tashkil etgan o‘quvchilar ushbu sinfda o‘qishni davom ettirgan bo‘lardi.

10-savol: Maktabda 10-sinf soni ikki va undan ortiq bo‘lsa, undagi o‘quvchilar 5 ta yo‘nalishni tanlasa, har bir yo‘nalishni teng miqdorda (20%) o‘quvchilar xohlasa, qaysi yo‘nalish ochiladi?

Javob: Agarda o‘quvchilar tanlovi yo‘nalishlar bo‘yicha bir xil foizni tashkil etsa, bu holatda mazkur sinflarda tanlov sinfi tashkil etilmaydi.

11-savol: Maktabda 10-sinflar soni 4 ta bo‘lsa, variativ o‘quv rejadagi yo‘nalishlar tashkil etilishida yangi sinf ochiladimi? 10-sinflar soni bittaga ko‘payadimi?

Javob: 10-sinflar soni ko‘paymaydi. Misol uchun, oldin maktabda

10-sinflar soni 4 ta bo‘lsa, tanlov sinfi o‘sha 4 ta sinf ichidan qayta tashkil etiladi. Natijada maktabda 10-sinflar uchun 1 ta tanlov sinfi va 3 ta oddiy, an’anaviy sinf bo‘ladi.

Manba: uzedu.uz

5 3 votes
Article Rating
Subscribe
Notify of
guest
0 Comments
Inline Feedbacks
View all comments