Bugungi kunda til o’rganish, chet elda ta’lim olish, o’zga madaniyat bilan tanishish ko’pchilikni orzusi. Bu yo’lda so’nggi yillarda juda ko’p yoshlarimizning ingliz tili, rus tili, koreys, yapon va boshqa tillarni o’rganishga bo’lgan qiziqishi ortgan. Ayniqsa, ko’p yoshlarimiz orasida Koreyada ta’lim olishni maqsad qilganlar oz emas. Lekin, aksariyat yoshlarimiz duch keladigan asosiy muammo harakatni nimadan va qanday bo’shlashni bilishmaydi. Men esa tajribamdan kelib chiqib, bilganlarimni sizlar bilan bo’lishmoqchiman.
Demak, koreys tilini yaxshigina o’rgangan bo’lsangiz unda birinchi qiladigan ishingiz bu – Koreya davlatidan o’qimoqchi bo’lgan sohangizda o’qish toping. Har bir universitetni bakalavr yoki magistr bo’yicha yo’nalishlari bor. Undan tashqari til kurslariga ham topshirish mumkin. Koreya Universitetlarning ro’yxatini www.topuniversities.com dan olishingiz mumkin. Undan tashqari, har bir universitet rasmiy saytining Admission bo’limida qabul bo’yicha kerakli ma’lumotlarni olishingiz mumkin.
Koreya universitetlariga qabul qachon boshlanadi va qachon tugaydi?
Koreya universitetlarida bir yilda ikki marta qabul bo’ladi. Bahorgi semester uchun qabul kuzda (Noyabr)
Kuzgi semester uchun qabul bahorda (Aprel) bo’lib o’tadi.
Hujjat qabul qilish o’rtacha bir oy bir yarim oy davom etadi.
Qanday hujjatlar tayyorlanadi?
Turli xil universitetlar sizdan turlicha hujjatlar talab qilishadi. Lekin asosiy tayyorlanadigan hujjatlar quidagilar:
1. Application form (o’qish saytidan yuklab olinadi va to’ldiriladi)
2. Study plan (Oq’ish saytidan yuklanadi)
3. Recomendation letter (O’qish saytidan olinadi va oldingi o’qigan universitet o’qituvchisi to’ldiradi)
4. Diplom nusxasi (Apostil qo’yilgan yoki elchixonadan tasdiqlangan bo’lishi kerak)
5. Ilova (Tarjima va Apostil qo’yilgan yoki elchixonadan tasdiqlangan bo’lishi kerak)
6. Tug’ilganlik to’g’risida guvohnoma (Tarjima va notarius qilingani) *
7. Passport nusxasi
8. 2ta rasm 3,5×4,5 cm
9. Ota-ona passport nusxasi
10. Bankdagi hisob holati haqida ma’lumot (Bank Statement)
11. IELTS, TOEFL yoki TOPIK
12. Application fee (Hujjat topshirish to’lovi)
Universitetga qarab qo’shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.
* Ba’zi o’qishlar apostil qilingan yoki elchixonadan tasdiqlanganini so’rashi mumkin.
Hujjatlar Qabul vaqtidan kech qolmagan vaqtda universitetga yetib borishi kerak. Aks holda jo’natgan hujjatlaringiz hisobga olinmasligi mumkin.
Hujjatlarga apostil qo’ydirish haqida ushbu maqolada tanishingiz mumkin.
Hujjatlar qanday jo’natiladi?
Hujjatlarni jo’natish uchun pochta xizmatidan foydalansangiz bo’ladi. Lekin siz biroz tezroq yetib borishini xohlasangiz hozirda hujjatlarni yetkazib berish, kontrakt, application fee va boshqa t’lovlarni to’lab berishga yordam beradigan firmalar mavjud. Jo’natgan pochtangizni holati haqida ma’lumot olib turish imkoniyati ham bor. Ularga murojaat qilishingiz ham mumkin.
Qabul natijasi qachon va qanday e’lon qilinadi?
Qabul natijalari belgilangan muddatda e’lon qilinadi. Qabul qilingan talabalarga e-mail orqali xabar keladi. Va keyingi viza jarayonlari uchun hujjat tayyorlash yo’riqnomasi yuboriladi. Muvaffaqiyatli o’ta olmaganlarga esa xabar berilmaydi.
Shuning uchun bir paytda bitta universitetga emas bir necha universitetlarga hujjat tayyorlashingiz tavsiya etiladi. Bittasidan rad javobi olganingiz bilan boshqasi qabul qilishi mumkin.
Qabul qilinmagan taqdirda harajatlar qaytariladimi?
Yo’q. Application fee va boshqa to’lovlaringiz qaytarilmaydi. Lekin universitetga o’qishga qabul qilinsangizu viza ololmasan bo’lsangiz unda Tuition fee (Kontrakt to’lovi) qaytarib beriladi. Qolgan harajatlar qaytarilmaydi.