Bir kuni o‘rta maktablardan biriga o‘qituvchilarning darsga tayyorgarlik darajasini tekshirish uchun ta’lim vazirligidan nazoratchi keldi. U duch kelgan birinchi sinfxonaga kirdi va g‘aroyib manzaraga duch keldi: o‘qituvchi ayol stolga boshini tiragancha o‘tirar, ko‘rinishi horg‘in, bolalar esa o‘zlari bilan o‘zlari ovora, kimdir chopgan, kimdir shovqin solgan, xullas tartibsizlik hukmron edi.
– Kechirasiz, men nazoratchiman, biror muammo yuz berdimi?– so‘radi nazoratchi.
– Charchadim, janob, bu bolalarni nima qilishni ham bilmay qoldim. Na bir ko‘rgazmali qurol bor, na vazirlik bolalarga darsda namoyish etishimiz uchun biror narsa beradi… Menda ularni darsga qiziqtiradigan hech narsa yo‘q…
Nazoratchi o‘qituvchi stoli ustida yog‘och qopqoqni ko‘rib qoldi. U qopqoqni qo‘liga olib bolalarga yaxshi ko‘rinishi uchun baland ko‘tardi va sinfga murojaat qildi:
– Bu nima?
– Qopqoq! – deb javob berdi barcha bolalar jo‘r bo‘lib.
– Yaxshi, u nimadan yasalgan?
– Yog‘ochdan! Ularni maxsus mashinada yasashadi, – turi javoblar yangradi.
– Yog‘ochdan yana nimalar yasaladi? – so‘radi nazoratchi.
– Stul, stol, kema.
– Yaxshi! Mana, kemalik ham bo‘ldik. Kim kema rasmini chiza oladi? Kim doskaga chiqib xarita chizib, biz turgan joydan kemaga eng yaqin portni ko‘rsata oladi? Yana qanday port va daryolarni bilasizlar? Bu daryolar qaysi mamlakatlarda joylashgan? Balki o‘sha mamlakatlardagi mashhur qo‘shiqchi yoki shoirlarni tanirsizlar?
Nazoratchi bir vaqtning o‘zida geografiya, tarix, musiqa, adabiyotdan dars bera boshladi. O‘qituvchi turgan joyida qotib qolgandi. Nihoyat dars tugaganini anglatuvchi qo‘ng‘iroq chalinganidagina ayol o‘ziga keldi:
– Katta rahmat, janob nazoratchi. Siz menga bergan bu saboqni bir umr unutmayman.
Oradan bir oz vaqt o‘tdi. Nazoratchi o‘sha maktabga yana keldi va yana o‘sha o‘qituvchining darsiga kirdi. Va yana o‘sha manzaraga duch keldi: ayol horg‘in ko‘rinishda, stol ustida boshini egib nimanidir qidirardi. O‘quvchilar yugurib yurishar, shovqin solishardi…
– Sizga nima bo‘ldi? Meni eslayapsizmi?
– Ha, janob, albatta eslayman, sizni unutib bo‘larkanmi. Kelganingiz yaxshi bo‘ldi! Qarang, men qopqoqni topa olmayapman! Qayerga g‘oyib bo‘ldiykin?
Xulosa: Agar kimdir kelib bizga muvaffaqiyat formulasini sovg‘a qilishini kutadigan bo‘lsak, hech narsaga erishmaymiz. O‘zimiz harakat qilishimiz, tasavvurimiz, ongimizni ishga solishimiz darkor. Oldimizda turgan vazifani faqat o‘zimizgina bajara olamiz.
©️ Internet materiallaridan