Mana bugun 30-dekabr, Respublika bo’ylab ingliz tili o’qituvchilar uchun o’tkazilgan attestatsiya sinovlari yakunlandi. Test topshirgan pedagoglarimizdagi taassurotlar esa turlicha. Bu attestatsiyani tashkil etishda o’z mehnatlari bilan ishtirok etgan mas’ul shaxslarga minnatdorchiligimni bildiraman. Lekin shunga qaramay faoliyatidagi ba’zi kamchiliklariga tanqidiy yondoshmoqchiman. Zero, tanqidiy tahlil rivojlanishni asosiy omilidir.
1nchi kamchilik.
Attestatsiyaning Listening, Reading va Lexical Grammatical Competency qismlari kompyuter orqali online tarzda tashkil etilishi ishni ancha osonlashtirib, o’qituvchiga anchagina qulaylik yaratsada, kompyuterlarning yetishmovchiligi va uzun navbatlar ko’p o’qituvchilarga noqulaylik tug’dirgani bor gap. Ertalab 9da o’sha yerda bo’lgan ba’zi pedagog xodimlarimiz soat 19da ham topshirib bo’lmagandi.
2nchi kamchilik. Bilamizki, CEFR testlarida listening savollari ketma ket tartibda bo’ladi. Ya’ni audioni eshitayotgan paytingiz savolga qarab turasiz va javobni eshitishingiz bilan keyingi savolga yuzlanasiz va yana javobni kutasiz. Holat shu tarzda davom etadi. Lekin, attestatsiyaning Listening savollarini tartibi esa har xil. Siz qaysi savolga javob berish tugul gap ketayotgan savolni qayerdaligini ham bilmaysiz. Sababi audioda ikki xil mavzu ketma ket yangraydi. Savollari esa chalkash. Qaysi mavzuning savoli qayerdaligini topguningizcha audio qurg’ur ham poyoniga yetib bo’lgan bo’ladi. Bu esa bilimli va malakali o’qituvchini ham esankiratib qo’yadi. Albatta bu savolga javoblarni tarqab ketmasligi uchun ataylab qilingan chora, lekin bu chorani ko’rgan odam CEFR imtihonlaridan bexabarmi deymanda. Umuman olganda CEFRdan xabardor bo’lishi ham shart emas. Ozgina e’tibor va ma’suliyat kifoya qilar edi.
3nchi kamchilik. Reading va grammatika bo’limining deyarli hamma savollari o’tgan safargi (umuman har doimgi) bazadan olingan. Test bazasi esa umuman yangilanmagan. Bu esa javoblar osongina tarqab ketishiga olib keladi. Avloniy.uz saytiga kirib u yerdan test uchun login va parollar bo’limiga o’tib o’sha login parollardan birini kiritsangiz tamom, o’sha yagona bazadagi reading va grammatika savollari chiqib keladi. Tayyor shpargarkalka!
Ya’na bir kamchilik, readingda 20ta savol bo’lsa, undagi savollarga javob berish uchun esa 20ta uzundan uzun tekst (matn)ni o’qib chiqishga tog’ri keladi. Bu degani har bir tesktni o’qib chiqishga 3-4 daqiqadan vaqt ajratsangiz ham 60-80daqiqada zo’rg’a tugatasiz degani. E’tibor bergan bo’lsangiz sizga berilgan umumiy vaqt 100daqiqa! Keyin, har bir savol bitta kattaroq maqolaning ayrim paragraflaridan olingan. Siz ba’zi o’sha parchalarni o’qib gap nima haqida ketayotganini ham bilmay qolasiz lekin ba’zi savollarning hattoki 7-8 tadan variant borligini ko’rib chalkashib ketishingiz aniq.
Keyingi kamchilik, Writingdagi savollarni ko’rib, attestatsiya tashkil etuvchilar umuman ishlamaganligi shundoqqina ko’rinadi. Sababi, savollar “Jump to IELTS” kitobidan shundoqqina olingan. (Huddi oldingi galgidek).
Ish bor joyda kamchilik albatta bo’ladi, albatta. Lekin kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etilib borilishi maqsadga muvofiq bo’lar edi deb o’ylayman. Zero, ushbu attestatsiyada minglab pedagoglar ishtirok etar ekan, ularning esa yetarli malakaga ega bo’lib ham bu attestatsiyadan o’ta olmasligi faoliyatiga albatta ta’sir ko’rsatadi. Hech bo’lmasa, ruhiy tomondan. Ushbu kamchiliklar keyingi imtixonlarda inobatga olinadi degan umiddaman.