XALQ TA’LIMI MUASSALARI XODIMLARI FAOLIYATIDA UCHRAYDIGAN DOLZARB SAVOLLARGA JAVOBLAR
– Direktor jamg`armasi mablag`lari qanday maqsadlarga yo`naltirilishi haqida ma‘lumot bersangiz.
– Direktor jamg`armasi to`g`risidagi nizomga ko`ra, ustamalar umumta’lim muassasasi mehnatga haq to`lash fondining 15 foizidan ortiq bo`lmasligi kerak. Mablag`lar o`rnak ko`rsatgan o`qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilash (bunday xodimlarning umumiy soni ko`pi bilan 50 foizni tashkil etishi lozim), bir martalik mukofotlar to`lash va favqulodda hollarda moddiy yordam ko`rsatishga yo`naltiriladi.
– Maxsus komissiya qaroriga ko`ra faoliyati yuqori baholangan xodimlarga necha foizgacha ustama belgilanadi?
– Ustama tayinlashda maxsus komissiya a’zolari xodimning ilg`or tajribasi, izlanuvchanligini e’tiborga olishadi. Barcha talablarga javob beradigan o`qituvchilarga 40 foizgacha ustama belgilanishi mumkin. Ya’ni, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlar uchun 15 foiz, kasb mahorati va o`quv jarayoniga qo`shilgan aniq hissa, o`qitishning yuqori sifati va samaradorligi uchun 25 foizgacha miqdorida ustama beriladi.
– O`rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar ham ustama haq olishi mumkinmi.
– Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi «Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to`g`risida»gi qarori bilan tasdiqlangan Xalq ta’limi xodimlarining mehnatiga haq to`lash to`g`risidagi nizomning 9-bandiga ko`ra, umumta’lim muassasalarida dars berayotgan o`qituvchilar toifasi va ma’lumotidan qat’i nazar maxsus komissiya xulosasi asosida ustama olish huquqiga ega.
– Rahbar xodimlar, faoliyatini soatbay olib borayotgan o`qituvchilar va nafaqada bo`lsa-da, mehnat shartnomasiga asosan ishlayotganlarga ustama to`lanadimi?
– Rahbar xodimlar va faoliyatini soatbay olib borayotgan o`qituvchilarga ustama haq belgilash amaldagi qarorda ko`rsatilmagan. Ularga faqat oylik maosh to`lanadi, xolos. Ammo nafaqada bo`lsa-da, umumta’lim maktabi bilan tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan faoliyat yuritayotgan o`qituvchilar boshqa kasbdoshlari qatori ustama haq olish huquqiga ega.
– Ayrim maktablarda mutaxassislar yetishmasligi sir emas. Biror fan bo`yicha darsni mutaxassis bo`lmagan kadrlar o`tsa, ularga ham ustama belgilash mumkinmi?
– Savolingiz o`rinli. Bunday vaziyatda malaka oshirish kursida qayta tayyorlovdan o`tilib, maxsus sertifikat olinishi kerak. Shunda u ham mutaxassis sifatida ustama haq olish huquqiga ega bo`ladi.
– Gohida o`quvchisi bilimlar bellashuvi yoki fan olimpiadasida yaxshi natijaga erishgan o`qituvchi ham bunday yutug`i yo`q hamkasbi bilan bir xil ustama haq oladi…
– Muammoga javob topish maqsadida maxsus komissiya qarori solishtirib ko`rilganda birinchi o`qituvchining yuqori natijasi uchun 15 foiz, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlariga kamroq – 10 foiz ustama belgilangan bo`ladi. Ikkinchi o`qituvchiga esa, aksincha, tarbiyaviy va sinfdan tashqari ishlari yuqori baholangani uchun 15 foiz, kasbiy mahoratiga 10 foiz ustama ajratilgani oydinlashadi.
– Ayrim o`qituvchilar o`quv yili boshida 30 foiz ustama haq ola boshlaydi, ammo ikkinchi yarim yillikda 25 foizga tushib qoladi. Mana shu holatni izohlab bersangiz.
– Bu vaziyatda pedagogga o`tgan o`quv yilidagi yutuqlari uchun 30 foiz ustama belgilangan. Yangi o`quv yilida ko`rsatkichlari pasayib ketgani bois olti oydan keyin maxsus komissiya xulosasi asosida ustama haq 5 foizga kamaytirilgan bo`lishi mumkin.
– «Agar ustama haq belgilansa, sinf rahbarlik va daftarlarni tekshirganlik uchun to`lanadigan mablag`lar ham saqlanib qoladimi?» deya Savol yo`llabdi o`qituvchilardan biri.
– Ustama haq belgilashda sinf rahbarligi uchun eng kam oylik ish haqiga nisbatan 100 foiz, daftarlarni tekshirgani uchun 50 foiz miqdorida oladigan qo`shimcha haqlari saqlab qolinadi.
– Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini ham moddiy rag`batlantirish tartibi mavjudmi?
– Maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini qo`llab-quvvatlash va qo`shimcha rag`batlantirish maqsadida ham o`ziga xos mexanizm ishlab chiqilgan. Izlanuvchan, fidoyi tarbiyachilarning mehnatini munosib baholash maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalarida xodimlarni moddiy rag`batlantirish jamg`armasi tashkil etilgan. Amaldagi tartibga ko`ra, hamkasblariga o`rnak bo`layotgan, tajribali tarbiyachilarga 15 foizgacha qo`shimcha haq belgilanadi.
– o`qituvchilarnini direktor jamg`armasi hisobidan to`lanadigan ustama haq va boshqa moddiy yordamlardan olinadigan daromadlarning soliqqa tortilish-tortilmaslik masalasi ham qiziqtirayapti.
– Ha, bunday daromadlar belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.
BEZAK TA`LIM SIFATINI OSHIRISHGA XIZMAT QILISHI SHART!
SAVOL: – Yangi o`quv yili oldidan har bir sinf rahbari va fan o`qituvchisi o`z fan xonasini bezashi, darslarga tayyorlanishda nimalarga e’tibor berishi zarur?
JAVOB: – Maktabni, sinf va fan kabinetlarini bezash Xalq ta’limi vazirligining tegishli buyrug`iga muvofiq Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`limi tomonidan ko`rsatilgan tavsiyalar asosida amalga oshirilishi zarur. Bunga ko`ra, fan kabinetlari predmet spesifikasidan kelib chiqib jihozlanishi, fanga oid ko`rgazmali qurollar va plakatlar bilan bezatilgan bo`lishi kerak.
Maktabni, sinfni bezashdagi ko`rgazmali qurollar va plakatlar o`quvchilar bilim, ko`nikma va malakalarini yuksaltirishga va bu bilan ta’lim sifatini oshirishga, dunyoqarashini kengaytirishiga xizmat qilishi shart.
USTAMA HAQI BELGILASHDA NIMALARGA E`TIBOR BERISH DARKOR?
SAVOL: – Meni yaqinda maktab direktorligiga tayinlashdi. Sentyabr oyidan boshlab Maktab direktor jamg`armasidan beriladigan ustama haqni belgilashda nimalarga e’tibor berishim kerak?
JAVOB: – Umumta’lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasi mablag`laridan foydalanish tartibi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi «Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to`lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to`g`risida»gi 275-sonli qarorining 4-ilovasidagi «Umumta’lim muassasalarining o`rnak ko`rsatgan xodimlarini rag`batlantirishning direktor jamg`armasi to`g`risidagi Nizom» bilan tartibga solingan.
Direktor jamg`armasi hisobidan o`rnak ko`rsatgan xodimlarning bazaviy tarif stavkalariga oylik ustama belgilash yo`li bilan moddiy rag`batlantirishni tashkil qilish tartibi O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi,
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2005 yil 30 dekabrdagi 41-son, 5067-son va 84-01-1375-son qo`shma qarori bilan tasdiqlangan «Umumta’lim muassasalari qoshidagi maxsus komissiyalar to`g`risidagi Nizom» bilan belgilangan.
YANGI MAKTAB QURILDI: DIREKTOR ZIMMASIDAGI
VAZIFALAR
SAVOL: – Yangi maktabni qabul qilishda rahbar nimalarga e’tibor berishi kerak, agar qurilish ishlari kechikayotgan bo`lsa kim javobgar bo`ladi: qurilish tashkilotimi yoki maktab ma’muriyati?
JAVOB: – Yangidan qurilayotgan yoki kapital rekonstruksiya qilinayotgan maktablarda tuman (shahar) hokimlari qarori bilan maktab rahbariyati, qishloq fuqarolar yig`ini raisi, mahalla faoli, faxriy o`qituvchilardan iborat shaklda tuzilgan jamoatchilik komissiyalari pudratchi tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish ishlari sifatini nazorat qiladi, keltirilayotgan asosiy qurilish materiallarining sertifikati mavjudligi, ularning sifati to`g`risida jurnalga qayd qilib boradi. Bino qurilishi bitkazilgandan so`ng qabul jarayonida ishtirok etadi, agarda kamchiliklar mavjud bo`lsa, unga dalolatnoma tuzib, hududiy ishchi komissiyaga taqdim etadi. Hududiy ishchi komissiyasi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha pudratchiga muddat beriladi, barcha kamchiliklar bartaraf etilgandan so`ng, ishchi komissiyasi dalolatnomalari rasmiylashtiriladi.
Ishchi komissiyasi tomonidan maktabni to`liq foydalanishga qabul qilish mumkinligi to`g`risida Davlat qabul komissiyasiga ma’lumot kiritiladi. Agarda maktab qurilishida ishlarning borishi belgilangan grafikdan ortda qolsa, u holda pudrat-tender tanlovlarida g`olib bo`lgan pudratchi tashkilot hamda buyurtmachi vazifasini amalga oshirayotgan hududiy hokimlik qoshidagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi rahbariyati javobgar hisoblanadi. Maktab rahbari mazkur ob’ektning belgilangan muddatda ishga tushirilishi yuzasidan mahalliy va hududiy hokimlikka tegishli xat bilan murojaat etishi lozim.
DARS TAHLILI – TA`LIM SIFATI ASOSI
SAVOL: – Maktab direktori bir oyda necha soat dars kuzatishi kerak?
JAVOB: – Xalq ta’limi vazirligining 2010 yil 24 maydagi 122-sonli buyrug`i bilan tasdiqlangan «Xalq ta’limi tizimida umumta’lim muassasalarida darslarni kuzatish va tahlil qilish bo`yicha tartib»ga ko`ra, o`quv yili davomida har haftada o`qituvchilar tomonidan kamida 1 soat, maktab direktori va uning o`rinbosarlari tomonidan kamida 4 soat dars tahlil qilinishi lozim.
RAHBAR TANLOVDA ISHTIROK ETA OLADIMI?
SAVOL: – Maktab direktori «Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi» ko`rik-tanlovida qatnasha oladimi?
JAVOB: – «Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi» ko`rik-tanlovini o`tkazish Nizomi»ga ko`ra, maktab direktori fan o`qituvchisi sifatida ushbu ko`rik- tanlovda qatnashish huquqiga ega.
PEDAGOGIK STAJ MUHIM
SAVOL: – «Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi» ko`rik-tanlovida qatnashish uchun necha yillik ish staji talab qilinadi?
JAVOB: – «Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi» ko`rik-tanlovini o`tkazish Nizomi»ga ko`ra, tanlov ishtirokchilaridan 5 yillik pedagogik ish staji talab etiladi.
DIREKTORNING DARSI O`TILMASLIGI MUMKINMI?
SAVOL:– Maktab direktori xizmat safariga ketganda uning darsi o`tilmasligi ham mumkinmi?
JAVOB: – Maktab direktori xizmat safariga ketgan vaqtda uning darslari o`tilmasligi mumkin emas.
Ishchi dars jadvaliga o`zgartirish kiritish orqali mazkur mashg`ulot boshqa darslarning o`rni bilan almashtirilishi yoki o`rindoshlik asosida o`tilishi zarur.
MALAKA OSHIRISH KURSI NECHA SOAT?
SAVOL: – O`qituvchi qancha muddatda va qay tartibda (bir malaka oshirish kursi necha soatdan iborat) malaka oshirishi kerak?
JAVOB: – Xalq ta’limi vazirligining 2009 yil 22 dekabrdagi 354-sonli buyrug`i bilan tasdiqlangan «O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institut(markaz)lari haqida Nizom»ga binoan xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar va pedagog kadrlar har 3-5 yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o`tishlari belgilab qo`yilgan.
Malaka oshirish kurslari jarayonida pedagoglar kamida 144 soat hajmidagi ta’lim dasturlarini o`zlashtiradi va ularga o`rnatilgan tartibda malaka oshirganligi haqida sertifikat va reyting daftarchasi beriladi.
Masofadan turub malaka oshirish jarayoni 3 oy ya`ni 13 hafta damoyiligida 144 soat hajmidagi ta’lim dasturlarini o`zlashtiradi va ularga o`rnatilgan tartibda malaka oshirganligi haqida sertifikat beriladi.
TARTIBBUZAR O`QUVCHI BILAN QANDAY ISHLANADI?
SAVOL: – O`quvchini tartibbuzarligi uchun jazolash qanday tartibga solinadi?
JAVOB: – Bolada yetakchi faoliyat turi o`yin hisoblanib, ushbu jarayonni amalga oshirishda turli xil tartibbuzarlik holatlari ham sodir etilishi mumkin, masalan, dars vaqtida gaplashib o`tirish, tanaffusda shovqin ko`tarish. Lekin, ongli ravishda sodir etilgan tartibbuzarliklarning sababi nimada? Albatta, shaxsning negativ xulq-atvorida. Ushbu xulq-atvor yuzaga kelishi sabablaridan biri bolaning ijtimoiylashuv jarayonida tengdoshlari va kattalar tomonidan o`tkaziladigan tazyiqlar bolaning ong osti sohasida muhrlanib boraveradi. Bunda g`azab-nafrat hissi kuchayadi va nevrozga aylanadi. Bunday hollarda bola o`z xatti-harakatlarini boshqara olmasligi sababli, tartibbuzarlik holatlarini sodir etadi. Tartibbuzar o`quvchini jazolashdan oldin uni keltirib chiqaruvchi sabablarni o`rganish lozim. Chunki, o`quvchi hech qachon o`z-o`zidan tartibbuzarga aylanmaydi, ma’lum bir sabablarga ko`ra, o`qituvchi tomonidan sinf jamoasi oldida kamsitilsa, dars jarayonida faqat ayrim o`quvchilarga e’tibor qaratilsa, o`quvchining qiziqish, qobiliyat, individual xususiyatlari e’tiborga olinmasa, sinf va jamoat ishlariga jalb qilinmasa, tartibbuzarga aylanadi.
Tarbiyasi og`ir bolalar bilan olib boriladigan ishlarni avvalambor ana shu tartibbuzarlikning sabablarini o`rganishdan boshlash kerak, bunda sinf rahbarlari, ota-onalar bilan hamkorlik qilish va birgalikda bu muammoning yechimini topish lozim. Bundan tashqari: «O`quvchining tartibbuzar bo`lishiga kimni aybdor deb o`ylaysiz?», «Tartibbuzar o`quvchiga nisbatan qanday jazo qo`llagan bo`lardingiz», «Tartibbuzarlikning oldini olaylik!» va shu kabi boshqa mavzularda o`qituvchilar va ota-onalar uchun davra suhbatlari, bahs-munozaralar tashkil etilishi, shuningdek, maktab amaliyotchi-psixologlari o`quvchilar uchun psixologik treninglar, so`rovnoma, davra suhbatlari, bahs- munozaralar, mahalla faollari, IIB xodimlari bilan hamkorlikda uchrashuvlar tashkil etishi lozim.
Xulosa o`rnida, o`quvchini tartibbuzarligi uchun jazolashdan oldin, avvalo, uning xarakteri, individual psixologik xususiyatlari, qiziqishi, qobiliyatlarini o`rgangan holda, dars va darsdan tashqari faoliyatlarda individual shug`ullanish, qo`shimcha topshiriqlar berish, rag`batlantirish hamda maktab va sinf jamoa ishlariga jalb qilish lozim.
XALQ TA’LIMI TIZIMIDA PSIXOLOGIK XIZMAT
SAVOL: – Umumiy o`rta ta`lim maktablarida amaliyotchi psixologning vazifasi nima?
JAVOB: – Amaliyotchi psixolog o’z faoliyatini pedagogik jamoa va ota-onalar bilan yaqin aloqada amalga oshiradilar. Psixologik xizmat o’z faoliyatida tibbiy, defektologik va boshqa xizmat turlari bilan, bola tarbiyasida yordam ko’rsatuvchi jamoachilik xodimlari bilan yaqin aloqada ish olib boradi. Barcha mutaxassislar bilan munosabat tenglik asosida va fikrlarning bir-birini o’zaro to’ldirishi asosida quriladi.
Umumiy o’rta ta’lim tizimidagi psixologik xizmatning maqsadi-shaxsning har tomonlama garmonik kamoloti, to’laqonli psixologik taraqqiyotni ta’minlovchi qulay shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
DARS TAHLILI TURLARI
SAVOL: Dars tahlili qanday turlarga bo’linadi?
JAVOB: 1. Ilmiy tahlil; 2.Psixologik tahlil; 3.Metodik tahlil; 4.Didaktik tahlil; 5.Umumpedagogik tahlil va boshqa tahlillar (yoki bularning hammasini qamrab oladigan kompleks tahlil).
SAVOL: Tarbiya turlari:
JAVOB: Aqliy tarbiya, jismoniy tarbiya, axloqiy tarbiya, vatanparvarlik tarbiyasi, mehnat tarbiyasi, nafosat tarbiyasi, ekologik tarbiyasi, iqtisodiy tarbiyasi, etik va huquqiy tarbiya…
QAYTA TAYYORLOV DIPLOMI OLIY MA`LUMOT
MAQOMIGA EGAMI?
SAVOL: – Qayta tayyorlash jarayoni qanday kechadi, barcha fan yo`nalishlari bo`yicha qayta tayyorlov kurslari bormi, o`qish mavsumi, muddati va to`lovi haqida ma’lumot bering.
JAVOB: – Qayta tayyorlash kurslari Xalq ta’limi vazirligining 2007 yil 3 apreldagi 90-sonli buyrug`i bilan tasdiqlangan «Xalq ta’limi muassasalarida faoliyat ko`rsatayotgan nomutaxassis kadrlarni tegishli pedagogik mutaxassislikka qayta tayyorlash haqida Nizom»ga binoan tashkil etiladi.
Qayta tayyorlash kurslari umumiy o`rta ta’lim maktabi o`quv rejasidagi barcha fanlar bo`yicha, shuningdek, maktabgacha va maxsus ta’lim yo`nalishlarida ham tashkil etiladi. Qayta tayyorlash kurslari kamida 576 soat hajmdagi ta’lim dasturlarini o`zlashtirishga mo`ljallangan bo`lib, uni muvaffaqiyatli tugatganlarga o`rnatilgan tartibda qayta tayyorlash haqidagi diplom va reyting daftarchasi beriladi.
Pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash natijasida olingan diplom ikkinchi oliy ma’lumot haqidagi hujjat maqomiga ega emas, u faqat muayyan fanlar va kurslar bo`yicha o`quv mashg`ulotlari olib borish huquqini beradi.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash asosiy ishidan ajralgan va ajralmagan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
IJTIMOIY HIMOYA QILISH
SAVOL: Ta’lim muassasalari xodimlari qanday tartibda ijtimoiy himoya qilinadi?
JAVOB: [ОКОЗ:
1.13.00.00.00 Таълим. Фан. Маданият / 13.01.00.00 Таълим / 13.01.31.00 Таълим ходимларини ижтимоий ҳимоя қилиш]
21-modda. Ta’lim muassasalari xodimlariga ish vaqtining qisqartirilgan muddati belgilanadi, haqi to`lanadigan yillik uzaytirilgan ta’tillar hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.
Ta’lim muassasalari ish haqiga mo`ljallangan mavjud mablag`lar doirasida mustaqil ravishda stavkalar, mansab okladlariga tabaqalashtirilgan ustama belgilashga hamda mehnatga haq to`lash va uni rag`batlantirishning turli shakllarini qo`llashga haqli.
INTIZOMIY JAZONI QO`LLASH
SAVOL: Xodimlar mehnat intizomini buzganda qanday jazolar qo`llaniladi?
JAVOB: Xodimlar mehnat intizomini buzganda quyidagi intizomiy jazo choralari ko`riladi: 1. Hayfsan. 2. 20-40 foizgacha jarima. 3. Mehnat shartnomasini bekor qilish.
SAVOL: Intizomiy jazo turlari va jazoni amal qilish muddati.
JAVOB: Intizomiy jazolar ish beruvchi tomonidan xodim mehnat intizomini buzganligi uchun qo`llanilishi mumkin. Ularga: 1.Xayfsan; 2. O`rtacha oylik ish haqi maoshining 20% dan ortiq bo`lmagan jarima (ayrim xollarda 40%) 3. Mehnat shartnomasini bekor qilish.
Ushbu moddada nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo`llash ta’qiqlanadi.
Intizomiy jazolar ishga qabul qilish xuquqi berilgan shaxs, organlar tomonidan qo`llaniladi. Intizomiy jazoni qo`llanilishidan oldin xodimdan yozma ravishda tushuntirish xati talab qilinishi lozim.
Intizomiy jazo berilganligi to`g`risidagi buyruq xodimga ma’lum qilinib tilxat olinadi. Manba: O`zbekiston Respublikasining mexnat kodeksi 182-modda.
IMTIYOZLAR
SAVOL: Pedagog kadrlarga beriladigan imtiyozlar.
JAVOB: Qisqartirilgan ish vaqti, uzaytirilgan ta’til va qonunda belgilangan rag`batlantirish va ustama, dam olish yo`llanmalari kabi imtiyozlar.
KASB-HUNARGA YO`NALTIRUVCHI MUTAXASSIS
SAVOL: Maktabda o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirishga kim mas’ul? U bu borada yil davomida amalga oshiradigan ishlar bo`yicha qanday reja tuzadi va amalga oshiradi?
JAVOB: – Umumiy o`rta ta’lim maktablarida o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish ishlarini olib borishda kasb-hunarga yo`naltiruvchi mutaxassis, amaliyotchi-psixolog va butun maktab jamoasi mas’uldir.
Umumiy o`rta ta’lim maktablarida kasb-hunarga yo`naltiruvchi mutaxassis shtat birligi ajratilmagan bo`lib, mazkur vazifa oliy ma’lumotli mehnat ta’limi o`qituvchisi yoki oliy ma’lumotli, tajribali pedagogga maktab buyrug`i bilan yuklatiladi hamda unga o`rnatilgan tartibda ustama haqi to`lanadi (Xalq ta’limi vazirligining 2007 yil 20 fevraldagi 49-sonli buyrug`i).Kasb-hunarga yo`naltiruvchi mutaxassisning alohida ish rejasi tuziladi va tuman, shahar O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik tashxis markazi bilan kelishiladi va maktab direktori tasdiqlaydi.
– Kasb-hunarga yo`naltiruvchi mutaxassisning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
– o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish bo`yicha tashkiliy va metodik ishlarni amalga oshiradi;
– o`quvchilarga kasbiy axborotlar beradi, ularning turli xil kasb-hunarga oid tadbirlarda ishtirok etishini ta’minlaydi;
– o`quvchilarning qiziqishi, moyilligi va layoqatlarini hisobga olgan holda ularni mustaqil va ongli kasb tanlashga yo`naltiradi;
– respublika, viloyat, tuman, shaharlardagi kasb-hunar ta’limi muassasalari to`g`risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlaydi;
– kasbga qo`yiladigan talablar to`Qrisida o`quvchilar, o`qituvchilar, ota-onalarga maslahatlar beradi;
– sinf rahbarlari bilan birga mahalla, hududiy akademik lisey va kasb-hunar kollejlari, ota- onalar bilan hamkorlikda o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirishga doir tadbirlar o`tkazadi(ekskursiya, seminar, uchrashuv, davra suhbati va h.k.);
– amaliyotchi-psixolog bilan birgalikda o`quvchilarni psixologik-pedagogik hamda kasbiy tashxis metodikalarining maqsadi, mazmun-mohiyati va natijasi bilan tanishtirib boradi;
– ta’lim muassasasi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari bilan birgalikda «Uzluksiz kasb-hunarga yo`naltirish Dasturi» bo`yicha 1-9-sinflarda sinf rahbarlari tomonidan olib borilayotgan ishlarni nazorat qiladi, tahlil etadi va tavsiyalar beradi.
QO`SHIMCHA BINOLAR QURISH MUMKIN
SAVOL: – Maktab hududida homiylik asosida ichki tashabbus bilan biror maishiy yoki qo`shimcha o`quv binosi qurish uchun kimga murojaat qilinadi va rasmiylashtirish jarayoni qanday tartibda amalga oshirilishi zarur?
JAVOB: – Agar maktabning navbatlilik koeffisienti 1,5 – 1,8 ni tashkil etib, qo`shimcha o`quv binolari, shuningdek, yordamchi binolar qurilishi zarur bo`lsa, birinchi navbatda maktab rahbari tuman (shahar) xalq ta’limi bo`limi mudiri bilan birgalikda yozma ravishda tuman (shahar) hokimiga murojaat etadi. Tuman (shahar) arxitektori, suvoqava korxonasi, gazlashtirish korxonasi, elektr tarmoqlari korxonasi bilan kelishilgan holda tuman hokimining ushbu maktab uchun qo`shimcha binolar qurilishi to`g`risida tegishli qarori qabul qilinadi. Undan so`ng namunaviy loyihalarga asoslangan holda loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, byudjetdan tashqari yoki homiylar mablag`larini jalb etgan holda qurilish ishlarini amalga oshirish mumkin.
ROZILIK OLINGANDAN SO`NG
SAVOL: – Maktab hududida qo`shimcha binoning qurilishi joyida agarda ko`p yillik daraxt va ko`chatlar bo`lsa, ularni ro`yxatdan chiqarish uchun qanday hujjatlar zarur bo`ladi?
JAVOB: – Tuman (shahar) hokimining qarori bilan maktab hududida qo`shimcha binolar qurilishidan avval Tabiatni muhofaza qilish qo`mitasining joylardagi bo`linmalariga tuman(shahar) xalq ta’limi bo`limi va maktab ma’muriyati tomonidan murojaat etiladi, ularning roziligi olingandan so`ng, qurilish ishlarini boshlab yuborish tavsiya etiladi.
IJARADAN QO`SHIMChA MABLAG`
SAVOL: – Bolalar sporti majmualari va maktab sport zallari imkoniyatidan kelib chiqib muassasada byudjetdan tashqari mablag` topish mumkinmi va u qanday amalga oshiriladi?
JAVOB: – Bolalar sporti majmualari va maktab sport zallari imkoniyatidan kelib chiqib ushbu muassasalarda tashkil etilmagan sport turlari bo`yicha to`garaklar tashkil etish uchun majmualar va maktab sport zallarini ijaraga berish orqali byudjetdan tashqari mablag` topish mumkin.
Muassasada byudjetdan tashqari mablag` topish ishlari O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 sentyabrdagi 414-sonli qarori, Xalq ta’limi vazirligining 2006 yil 2 martdagi 50-sonli buyrug`i hamda mahalliy hokimliklarning tegishli qarorlari asosida o`rnatilgan tartibda tashkil etiladi.
TA’TILDA HAM HAQ OLAMIZMI?
SAVOL: Qishki, bahorgi, yozgi ta’tillarda o`qituvchining yillik ish yuklamasi bilan birga dars soatlariga ham haq to`lanadimi?
JAVOB: – Xalq ta’limi sohasi rahbar va pedagog xodimlarning mehnatiga haq to`lash bo`yicha bazaviy tarif stavkalariga asosan pedagogning asosiy joyidan (soatbaydan tashqari) ish haqlari barcha qo`shimchalari bilan o`quv yili davomida to`liq to`lanadi. O`quvchilar ta’tili davrida o`qituvchining yillik asosiy va qo`shimcha ta’tillariga bog`liq bo`lmagan holda, ish vaqti deb hisoblanadi. Bu davrda o`qituvchi pedagogik ish rejasiga muvofiq ta’til davrigacha belgilangan pedagogik, metodik va tashkiliy-pedagogik faoliyatini amalga oshiradi, bunda pedagogik kengash, metodbirlashma yig`ilishlari, ota-onalar yig`ilishlari, mikrouchaskada ishlash va h.k. ishlarni bajarish ko`zda tutiladi.
MALAKA OSHIRISH KURSIGA BORGAN O`QITUVCHIGA SAFAR XARJATLARI QANDAY TARTIBDA TO`LANADI?
SAVOL: – Malaka oshirish kursiga borgan o`qituvchiga safar xarjatlari qanday tartibda to`lanadi?
JAVOB: – O`zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2003 yil 24 iyuldagi 83-son 7G’12-sonli qaroriga asosan malaka oshirish kursiga borgan o`qituvchilarga safar xarajatlari kunlik, uzoq masofadan qatnasa, yo`l chiptasi xarajatlari, mehmonxonada yashasa, mehmonxona xarajatlari asosida ish joyidan ish haqlari saqlangan holda to`lab beriladi. Bunda xizmat safarini tasdiqlovchi me’yoriy hujjatlar bo`lishi talab etiladi.
2011 yil ma’rifat gazetasi 7-sentiyabr sonida xam chop etilgan
Manba: uzedu.uz