O’qituvchi qanday xujjatlarni yuritishi kerak?

O`qituvchilarga

So‘nggi paytlarda ba’zi ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning ish hujjatlari ko‘pligi, hisobotlar to‘ldirish ularning asosiy vaqtini egallayotgani va natijada o‘qituvchi darsga puxta tayyorgarlik ko‘ra olmayotgani to‘g‘risidagi asossiz fikr mulohazalar e’lon qilinmoqda.

Holbuki, Xalq ta’limi vazirligi pedagoglarni turli qog‘ozbozlikdan xalos etish va ularning asosiy ish faoliyatini o‘quvchilar bilan ijodiy ishlashga qaratmoqda.

Xalq ta’limi hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2010 yil 27 maydagi 125-sonli qo‘shma buyruqlariga asosan o‘qituvchi tomonidan 6TA ish hujjatlari yuritiladi.

1️⃣ Yillik ish rejasi. Yil boshida bir marta tuziladi va direktor tomonidan tasdiqlanadiVazirlar Mahkamasining 2005 yil 21 dekabrdagi 275-sonli qaroriga muvofiq, o‘qituvchining yillik ish yuklamasi soatlarining nimalarga, qanday hajmda oyma-oy sarflanishini o‘quv yili boshida vazirlik tomonidan berilgan namuna asosida rejalashtirib olinadi. Rejadagi soatlar asosan darsga tayyorgarlik ko‘rish, daftar tekshirish, sinf jurnalini to‘ldirish, dars kuzatish va o‘quvchilar bilan qo‘shimcha mashg‘ulotlar (haftasiga 2 soatdan yil davomida 68 soat) olib borish ko‘zda tutilgan.

2️⃣ Taqvim, mavzu, reja. Yil boshida bir marta tuziladi va direktor tomonidan tasdiqlanadiUshbu reja o‘quvchilarga yil davomida ma’lum bir fan bo‘yicha o‘tiladigan mavzularni oldindan belgilab olish uchun tuziladi. Qolaversa ushbu taqvim mavzu rejasi vazirlik tomonidan berilgan namunaviy taqvim mavzu reja asosida bir o‘quv yili uchun bir marta tuziladi.

3️⃣ Dars konspekti daftari. O‘qituvchi tomonidan taqvim mavzu rejasiga muvofiq darsga kirishdan oldin (hafta boshlanishida, haftada bir marta bo‘lishi ham mumkin) o‘tiladigan mavzu yuzasidan o‘qituvchi tomonidan 45 daqiqalik darsni qanday olib borishi, nimalar haqida gapirishi, qanday pedagogik texnologiyalar, o‘yinlardan foydalanishi, nima topshiriqlar berishi qisqa tezis shaklida yoziladi. Bu reja parallel sinflar uchun bir marta yoziladi va maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktori tomonidan vizual ko‘rib chiqilib imzolanadi.

4️⃣ Sinf jurnali. Mazkur hujjat o‘quvchiga Davlat ta’lim standartlariga muvofiq qanday mavzularda dars o‘tilganligini, o‘quvchilar davomatini qayd qilish va o‘quvchilarning o‘tilgan mavzular bo‘yicha bilimlarini baholab borish uchun zarur.

5️⃣ Dars kuzatish daftari. Bu o‘qituvchilarning o‘z hamkasblari bilan o‘zaro dars kuzatishlarini qayd etib borish daftari bo‘lib, darsni kuzatish jarayonida to‘ldiriladi. O‘qituvchi kasbdoshining darsini kuzatish orqali uning yutuqlarini o‘rganadi, o‘zining faoliyatida qo‘llaydi yoki darsning kamchiliklarini hamkasbiga bayon qilish orqali uning bartaraf etilishiga hissa qo‘shadi. Har bir o‘qituvchiga bir haftada atigi bir soat (45 daqiqa) dars kuzatishi belgilangan.

6️⃣ Tarbiyaviy ishlar rejasi (sinf rahbarlari uchun)Barcha o‘qituvchilar bir xil lavozimda ishlamaydi. Ayrim o‘qituvchilarga sinf rahbarligi yuklatilgan bo‘lib, ushbu lavozim uchun ularga asosiy oylik maoshlaridan tashqari eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Tarbiyaviy ishlar rejasi Respublika ta’lim markazi tomonidan berilgan namunaviy tavsiyalar asosida yil boshida ishlab chiqiladi. Sinf rahbari bitta daftarda sinfidagi o‘quvchilar haqida ma’lumotlarni, ular bilan olib borilgan suhbatlarni, ota-onalar yig‘ilishlarini qayd qilib boradi.

Direktor jamg‘armasidan ustama olish uchun o‘qituvchi hujjatlar to‘plashi, hisobotlar topshirishi ko‘zda tutilmagan. Aksincha bu vazifa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga yuklatilgan.

Maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari maktab qoshidagi Maxsus komissiya kotibi hisoblanadi. O‘qituvchilarga ustama belgilash uchun komissiyaga taqdim etiladigan hujjatlar yig‘ma jildi komissiya kotibi va komissiya huzuridagi ekspert guruhi tomonidan shakllantirilishi lozim. Chunki «Umumta’lim muassasalari qoshidagi maxsus komissiya to‘g‘risida Nizom»ning 18-bandida belgilab berilgan, ustama haq olishga talabgor bo‘lgan o‘qituvchining faoliyati samaradorligiga oid tahliliy ma’lumotlar, jadvallar talabgorning o‘zi tomonidan to‘ldirilishi, ustama haq belgilashdagi shaffoflik prinsiplariga ziddir.

Mazkur hujjatlar o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish va ularga haq to‘lash uchun eng zarur bo‘lgan hujjatlar hisoblanadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tasdiqlangan o‘qituvchilarning ish yuklamasini belgilash va taqsimlash to‘g‘risidagi yo‘riqnomada turli tekshiruvlar jarayonida ulardan yuqorida qayd etilgan hujjatlardan boshqa hujjatlarni taqdim etish hamda hisobotlarni talab qilish QAT’IYAN MAN ETILGAN.

Manba: kun.uz

3.6 12 votes
Article Rating
Subscribe
Notify of
guest
0 Comments
Inline Feedbacks
View all comments